MDHga a’zo davlatlar harbiy xizmatchilarini samarali tibbiy ta’minlash maqsadida fuqarolik va harbiy milliy sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik
25.09.2026
04:46
MDH ishtirokchi davlatlar Qurolli Kuchlari harbiy-tibbiy xizmat boshliqlari va yetakchi mutaxasisslarining “MDHga a’zo davlatlar harbiy xizmatchilarini samarali tibbiy ta’minlash maqsadida fuqarolik va harbiy milliy sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi va “O‘q-otar jarohatlar olgan bemorlarni davolashning zamonaviy yondashuvlari” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani
2026-yilning 8-11-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi va Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy tibbiyot instituti delegatsiyasi Belorus Respublikasi Minsk shahrida MDH ishtirokchi davlatlar Qurolli Kuchlari harbiy-tibbiy xizmat boshliqlari va yetakchi mutaxasisslarining “MDHga a’zo davlatlar harbiy xizmatchilarini samarali tibbiy ta’minlash maqsadida fuqarolik va harbiy milliy sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi va “O‘q-otar jarohatlar olgan bemorlarni davolashning zamonaviy yondashuvlari” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etdi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi bilan bir qatorda tashkillashtirilgan ushbu tadbir O‘q-otar va mina-portlash jarohatlarini davolash respublika markazining 10 yilligiga bag‘ishlandi. Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlaridan kelgan mutaxassislar yaradorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning zamonaviy usullari, yuqumli asoratlarning oldini olish, rekonstruktiv jarrohlik va tibbiy reabilitatsiya masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakili – Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy tibbiyot instituti boshlig‘i t/x polkovnigi Rasulov Ulug‘bek Abdugafurovich “Qo‘l-oyoqlar mina portlash jarohatlarida gemostaz muammolari va ularni yechish yo‘llari” mavzusida taqdimot o‘tkazdilar, to‘plangan klinik tajriba bilan o‘rtoqlashdilar va kasbiy muhokamada ishtirok etdilar. Bosqichma-bosqich davolashni tashkil etish hamda yangi tibbiyot texnologiyalarini qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Anjuman yakunida sertifikat bilan taqdirlandi.
Bunday uchrashuvlar mutaxassislar o‘rtasida amaliy tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish imkoniyatini yaratadi.

